SamISI Samarkand Institute of Economics and Service

Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga Pokiston Bahriya universiteti rektori, iste’fodagi vise-admiral Asif Xaliq boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan keldi. Tashrif doirasida institutda rasmiy uchrashuv tashkil etilib, unda institut rahbariyati va xalqaro hamkorlik bo‘yicha mas’ullar ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlikni rivojlantirish, talabalar hamda professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma tadqiqotlar, stajirovkalar, yozgi va qishki maktablar tashkil etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Samarqand iqtisodiyot va servis institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori To‘lqin Sharipov:
“Samarqand iqtisodiyot va servis instituti Pokistonning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikni kengaytirish orqali talabalarimiz uchun xalqaro imkoniyatlar yaratishga intilmoqda. Bahriya universiteti bilan o‘rnatilgan aloqalar hamkorligimiz geografiyasini yanada kengaytiradi,” — deya ta’kidladi.

O‘z navbatida, vise-admiral Asif Xaliq:
“Bahriya universiteti Pokiston Dengiz harbiy kuchlari tomonidan 1995-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 23 mingdan ortiq talaba, 130 dan ziyod ta’lim dasturi va 75 dan ortiq xalqaro hamkorlik loyihalariga ega. O‘zbekiston bilan o‘rnatilgan bu hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi,” — dedi.

Bahriya universiteti haqida qisqacha:
Universitet Islomobod, Karachi va Lohor shaharlarida zamonaviy kampuslarga ega bo‘lib, menejment, muhandislik, kompyuter fanlari, sog‘liqni saqlash, huquqshunoslik va dengiz tadqiqotlari yo‘nalishlarida ilg‘or ta’lim beradi. Bahriya universiteti THE xalqaro reytingida Top-350 yosh universitetlar ro‘yxatida qayd etilgan.