HURMATLI YURTDOSHLAR, MUHTARAM USTOZLAR VA AZIZ TALABALAR!
Barchangizni yurtimiz hayotidagi eng ulug', eng aziz ayyom - O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yillik qutlug' bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Mustaqillik - xalqimiz hayotining ma'no-mazmunini tubdan o'zgartirgan, bizga o'zligimizni, insoniy qadr-qimmatimizni anglash baxtini bergan bebaho ne'matdir. Ushbu ulug' sana yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi hamda farzandlarimizning yorug' kelajagi yo'lida bir tanu bir jon bo'lib mehnat qilishga undovchi buyuk kuchdir.
Bugungi kunda Muhtaram Yurtboshimiz boshchiligida barpo etilayotgan Yangi O'zbekistonda inson qadri, ta'lim va ilm-fan taraqqiyoti davlat siyosatining eng ustuvor darajasiga ko'tarildi. Mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, turizm, xizmat ko'rsatish va servis sohalarini xalqaro darajaga olib chiqishdek muhim strategik jarayonlarda Samarqand iqtisodiyot va servis instituti jamoasining ham o'ziga xos o'rni va ulkan mas'uliyati bor.
Bizning asosiy maqsadimiz - nafaqat yurtimiz, balki xalqaro mehnat bozorida ham raqobatbardosh, zamonaviy texnologiyalar va iqtisodiy bilimlarni puxta egallagan, vatanparvar mutaxassislarni tayyorlashdir.
Qadrli hamkasblar, muhtaram professor-o'qituvchilar!
Sizlarning yosh avlodga ta'lim-tarbiya berish yo'lidagi mashaqqatli va sharafli mehnatingiz hamisha tahsinga sazovordir. Ilm-fan va ta'lim sifatini oshirish borasidagi fidoiyona faoliyatingizda kuch-g'ayrat, yangidan yangi zafarlar tilayman.
Aziz talaba-yoshlar!
Sizlar Yangi O'zbekistonning ertangi kuni, mamlakatimiz ravnaqini belgilovchi buyuk kuchsiz! Barchangizni bilimga chanqoqlik, izlanish va shijoat bilan doimo oldinga intilishga chorlayman. Ishonchim komilki, bugun olayotgan bilimlaringiz va erishayotgan yutuqlaringiz Vatanimiz taraqqiyotiga qo'shilgan eng katta sarmoya bo'ladi.
Barchangizni yana bir bor Mustaqillik bayrami bilan qutlab, sizlarga mustahkam sog'lik, xonadonlaringizga fayzu baraka, tinchlik va xotirjamlik tilayman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, Mustaqilligimiz abadiy bo'lsin!
Hurmat ila,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori
Muhiddin Egamberdiyevich Poʻlatov
2026 год – Год развития махалли и возвышения общества
Oʼzbekcha
English
русский