30-may kuni Samarqand iqtisodiyot va servis instituti tashkil topganining 95 yilligi munosabati bilan tantanali marosim hamda xalqaro anjuman o‘tkazildi.
Tadbir avvalida institutning boy tarixi, bugungi taraqqiyoti, ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalqaro hamkorlik aloqalari hamda erishilgan yutuqlarini aks ettiruvchi ko‘rgazma tashkil etildi. Unda institutning tarixiy bosqichlari, professor-o‘qituvchilar va talabalarning yutuqlari, ta’lim jarayonidagi yangiliklar, xalqaro aloqalar hamda oliygohning qariyb bir asrlik faoliyatiga oid materiallar namoyish qilindi.
Tantanali tadbirda respublikamizning turli oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, hamkor tashkilotlar mas’ullari, taniqli davlat va jamoat arboblari, institutning xorijdagi hamkor oliy ta’lim muassasalari vakillari hamda oliygoh jamoasi ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar institut jamoasini 95 yillik yubiley bilan samimiy tabriklab, oliygohning boy va sharafli tarixi, mamlakatimiz ilm-fani va ta’lim tizimidagi o‘rni hamda nufuziga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Ta’kidlanganidek, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti o‘tgan davr mobaynida minglab yetuk mutaxassislarni tayyorlab, iqtisodiyot, turizm, servis va boshqa sohalar rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Bugungi kunda ushbu oliygohni tamomlagan bitiruvchilar nafaqat yurtimizda, balki dunyoning turli mamlakatlarida ham samarali faoliyat olib bormoqdalar.
Shuningdek, xalqaro anjuman davomida institutning bugungi ilmiy salohiyati, ta’lim sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish hamda oliygohning istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Anjuman doirasida mehmonlar tomonidan institut jamoasiga samimiy tabriklar yo‘llanib, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Mazkur tantanali tadbir va xalqaro anjuman Samarqand iqtisodiyot va servis institutining 95 yillik shonli yo‘li, bugungi salohiyati hamda kelajakdagi ulkan maqsadlarini yana bir bor namoyon etdi.
2026-yil "Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili"
Oʼzbekcha
English
русский